Jizzaxda bog‘cha mudirasi o‘ldirildi: eri gumonlanuvchi sifatida ushlandi
Ayolning o‘limi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jizzax viloyati Zarbdor tumanida bog‘cha mudirasi vafot etgani yuzasidan qasddan odam o'ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Zamon.uz‘ga maʼlum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 29-oktabr kuni Zarbdor tumani Yangi Hayot mahallasida yashovchi F. ismli ayolga suiqasd qilingan va oqibatda u vafot etgan. Marhuma tumanning Adirobod mahallasi hududidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida mudira lavozimida ishlagan.
Hodisa yuzasidan 2026-yil 29-oktabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinayotgan shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Hodisa oilaviy mojaro bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi, ayolning turmush o‘rtog‘i jinoyatga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar tarqalgan. Biroq bu tafsilotlar hozircha rasmiy ravishda tasdiqlanmagan.








