Xavfsizlik tahdidi kuchaydi: AQSh ayrim davlat xizmatchilariga Saudiya Arabistonini tark etishni buyurdi
Elchixona bunga husiylarning fuqarolik aeroportlari va muhim infratuzilmaga hujumlarini sabab qilib ko‘rsatgan.

AQSh hukumati xavfsizlik tahdidlari sabab Saudiya Arabistonidagi favqulodda vazifalarni bajarmaydigan davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolariga mamlakatni tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Reuters agentligi Ar-Riyoddagi AQSh elchixonasi bayonotiga tayanib xabar berdi.
Elchixona qarorga asos sifatida Yamandagi husiylar harakatining fuqarolik aeroportlari va boshqa muhim infratuzilma obyektlariga uyushtirayotgan hujumlarini keltirgan.
Shuningdek, AQSh hukumati xodimlari Saudiya Arabistoni aeroportlaridan foydalanish uchun endilikda maxsus ruxsat olishi kerakligi ma’lum qilingan.
Diplomatik missiya AQSh fuqarolarini ham ehtimoliy xavfsizlik xatarlari haqida ogohlantirdi. Jumladan, keyingi hujumlar, havo hududining yopilishi, aviareyslarning bekor qilinishi va safarlardagi boshqa uzilishlar yuz berishi mumkinligi qayd etilgan.
Reuters xabariga ko‘ra, AQSh davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolariga Saudiya Arabistonini tark etish tavsiyasi 23-oktabrdan boshlab berilgan.
Saudiya Arabistoni va Yamandagi husiylar o‘rtasidagi ziddiyat so‘nggi oylarda kuchaygan. Husiylar Saudiya Arabistonidagi aeroportlar, energetika obyektlari va boshqa muhim infratuzilmalarga hujumlar uyushtirganini bildirgan.








