AQSh Ukrainaga 500 ta Patriot raketasini sotishga ruxsat berdi: bitim 2,1 mlrd dollarga baholanmoqda
Kelishuv Kanada, Norvegiya va Germaniya tomonidan moliyalashtiriladi.

AQSh Davlat departamenti Ukrainaga 2,1 milliard dollarga yaqin qiymatdagi 500 ta Patriot PAC-3 MSE raketasini sotish imkoniyatini ma’qulladi. Bu haqda departamentning rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Kelishuv Ukraina hukumatiga Patriot Advanced Capability-3 (PAC-3) tizimlari uchun Missile Segment Enhancement (MSE) modifikatsiyasidagi raketalar hamda ularga tegishli uskunalarni sotishni nazarda tutadi.
Ukraina tomonidan so‘ralgan harbiy mahsulotlar tarkibiga taxminan 500 ta raketa, ular uchun tasniflangan va tasniflanmagan ehtiyot qismlar, shuningdek, logistika va dasturiy ta’minot bo‘yicha xizmatlar kiradi.
AQSh Davlat departamentining ta’kidlashicha, kelishuv Kanada, Norvegiya va Germaniya kabi hamkor va ittifoqchi davlatlar tomonidan moliyalashtiriladi. Unda AQSh budjeti mablag‘laridan foydalanilmaydi. Bitimning taxminiy qiymati 2,1 milliard dollarni tashkil etadi.
Departament bayonotida ushbu kelishuv hamkor davlat xavfsizligini mustahkamlash orqali AQShning tashqi siyosati va milliy xavfsizlik maqsadlariga xizmat qilishi qayd etilgan.
Davlat departamenti qarori ma’qullanganidan so‘ng, kelishuv yuzasidan AQSh Kongressiga rasmiy bildirishnoma yuboriladi. Kongressga uni ko‘rib chiqish uchun 30 kun muddat beriladi.
Avvalroq, 16-oktabr kuni The Washington Post nashri Ukraina rasmiyiga tayanib, mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun tutuvchi raketalari zaxirasi deyarli tugab borayotgani haqida xabar bergan edi. Manbaga ko‘ra, may oyidan buyon yetkazib berishlar muntazam bo‘lmagan va Ukraina navbatdagi raketalar yetib kelishiga shubha bilan qaragan.
Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘sha kuni mamlakat o‘z arsenalini to‘ldirish maqsadida ittifoqchilarga o‘q-dorilar sotishni to‘xtatganini bildirgan edi.








