Rossiya turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shiladimi? Toqayev taklif bilan chiqdi
Anqarada o‘tgan TDT sammitida Qozog‘iston prezidenti Rossiyani tashkilotga kuzatuvchi sifatida taklif qilish tashabbusini ilgari surdi.

Qosim-Jomart Toqayev Rossiyani Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) faoliyatiga jalb etish taklifini bildirdi.
U bu haqda Anqarada bo‘lib o‘tgan TDT sammitida so‘z yuritgan. Toqayevning fikricha, Rossiyani tashkilotga qo‘shilishga yoki uning faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qozog‘iston rahbari Rossiya asrlar davomida turkiy dunyo bilan yaqin aloqalarni saqlab kelganini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, mamlakatda ko‘plab turkiy xalqlar yashaydi. Shuningdek, Rossiya «Oltoy — turkiy sivilizatsiya beshigi» loyihasini ilgari surmoqda.
Toqayev Rossiyaning tashkilot faoliyatidagi ishtiroki barcha a’zo davlatlar uchun manfaatli bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Avvalroq Toqayev Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni abadiy do‘stlik darajasiga ko‘tarish haqida bayonot bergan edi.








