Germaniya va Ukraina jangovar robot ishlab chiqdi: u frontda harbiylar o‘rniga jang qilishi mumkin
Texnikaning dastlabki namunalari yil oxirigacha Ukraina armiyasiga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Germaniya va Ukraina kompaniyalari uchuvchisiz GEREON robot-tankini masofadan boshqariladigan SABER qurolli moduli bilan muvaffaqiyatli birlashtirdi. Yangi robotlashtirilgan texnikaning dastlabki namunalari 2026-yil oxirigacha Ukraina armiyasiga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Loyiha Germaniyaning ARX Robotics va Ukrainaning ROBONEERS kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilmoqda. Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 4-oktyabr kuni Germaniya kansleri Fridrix Mersning Kiyevga tashrifi chog‘ida, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida imzolangan.
Gusenitsali GEREON platformasi harakatlanish, elektr ta’minoti va kameralar hamda sensorlar yordamida razvedka olib borish vazifalarini bajaradi. Unga o‘rnatiladigan SABER moduli esa turli qurollar bilan jihozlanishi mumkin. Bu harbiylarga jangovar harakatlarni masofadan turib olib borish imkonini beradi.
GEREON robotlari Ukrainada o‘q-dorilar va boshqa yuklarni tashish, yaradorlarni evakuatsiya qilish, radioaloqaga xalaqit berish hamda dushman dronlariga qarshi kurashish kabi vazifalarda qo‘llanmoqda. Platformani bajariladigan vazifaga qarab qayta jihozlash mumkin. SABER moduliga esa miltiq va granatomyot kabi qurollar o‘rnatiladi.
Kompaniyalar Rys Pro nomli transport robotini ishlab chiqarishni ham kengaytirmoqda. Buning uchun qo‘shma korxona tashkil etilgan. Birinchi yil davomida Germaniya va Ukrainada 1 000 dan ortiq shunday robot ishlab chiqarish va yetkazib berish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Myunxendagi Helsing texnologiya kompaniyasiga tashrif buyurmoqda. Tashrif davomida kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi yangi ishlanmalari va imkoniyatlari taqdim etilishi kutilmoqda.
2021-yilda tashkil etilgan Helsing mudofaa sanoati uchun sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot ishlab chiqadi. Kompaniya tanklar, suvosti kemalari va jangovar samolyotlar kabi harbiy texnikalarni sun’iy intellekt tizimlari bilan jihozlaydi.
Uning asosiy buyurtmachilari orasida Germaniya qurolli kuchlari — Bundesver, shuningdek, Fransiya va Buyuk Britaniya bor. Helsing ishlab chiqargan HX-2 kabi dronlar va sun’iy intellekt tizimlari Ukrainada ham qo‘llanmoqda.








