Sun’iy intellekt pul ishlash uchun kripto-birjalarni buzishi mumkin — Ilon Mask
Ilon Mask Binance kripto-birjasiga qilingan xakerlik hujumi ortidan sun’iy intellektning kelajakdagi imkoniyatlari va xavflari haqida fikr bildirdi.

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask sun’iy intellekt kelajakda insonlar nazoratidan chiqib, o‘z daromadini oshirish maqsadida kripto-birjalarni buzishi va firibgarlik bilan shug‘ullanishi mumkinligini aytdi, deya yozmoqda Point.md.
Mask bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida Binance kripto-birjasiga uyushtirilgan xakerlik hujumi haqidagi taxminlarga munosabat bildirar ekan, yozdi.
Unga ko‘ra, xaker murakkab algoritmlardan foydalangan. Jumladan, muzlatilgan USDT mablag‘larini garov sifatida ishlatib, bloklanmagan ETH kreditlarini olishga uringan bo‘lishi mumkin.
“Qachondir superintellektual agentlar buni insonlar uchun emas, balki o‘zlari uchun valyuta ishlab topish maqsadida amalga oshiradi”, — deb yozdi Mask.
Avvalroq Binance asoschisi Chanpen Chjao birjaga xakerlik hujumi uyushtirilganini tasdiqlab, holat yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar kelib tushayotgan ma’lumotlarni zudlik bilan tekshirmoqda.
Birja rahbariyati xavfsizlik bilan bog‘liq hodisa oqibatidagi zararni 6,3 milliard dollarga baholagan.
Shundan so‘ng platforma vakillari ehtiyot chorasi sifatida foydalanuvchilarning hisoblarini to‘ldirish va mablag‘ yechib olish operatsiyalari vaqtincha to‘xtatilganini bildirgan.








