Green Card bo‘yicha yangi qaror: ro‘yxatdan o‘tishni qayta boshlash vaqtincha to‘xtatildi
Viza dasturi uchun ro‘yxatdan o‘tish muddati hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

AQShning To‘qqizinchi okrug apellyatsiya sudi 2027-yilgi Green Card lotereyasini qayta boshlashni talab qilgan quyi sud qarorining ijrosini vaqtincha to‘xtatdi. Shu sababli lotereya uchun ro‘yxatdan o‘tish hozircha boshlanmaydi. Bu haqda Bloomberg Law xabar berdi.
14-oktyabr kuni Kaliforniya janubiy okrugi federal sudi AQSh Davlat departamentiga 29-oktyabrgacha 2027-yilgi Diversity Visa dasturi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish sanalarini e’lon qilishni, 1-noyabrgacha esa arizalar qabul qilishni boshlashni buyurgan edi.
Biroq Tramp ma’muriyati ushbu qaror ustidan apellyatsiya shikoyati kiritdi. 29-oktyabr kuni To‘qqizinchi okrug apellyatsiya sudi hukumatning talabini qanoatlantirib, quyi sud qarorini vaqtincha to‘xtatdi.
Sud qarorida Red Eagle Law yuridik kompaniyasining mazkur masala bo‘yicha da’vo kiritish huquqiga ega emasligi qayd etilgan. Kompaniya avgust oyida AQSh Davlat departamentini 2027-yilgi Green Card lotereyasi uchun ro‘yxatdan o‘tishni o‘z vaqtida boshlamaganlikda ayblab, sudga murojaat qilgan edi.
Sudya N. Rendi Smit alohida xulosasida kompaniyaning AQSh Konstitutsiyasiga muvofiq ham ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilish huquqi yo‘qligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp ma’muriyati 2025-yil dekabr oyida Diversity Visa dasturini to‘xtatgan edi. Bunga dastur orqali AQShga kelgan Portugaliya fuqarosining Rod-Aylend va Massachusets shtatlaridagi ikki alohida otishmada bir necha kishini o‘ldirishda gumon qilingani sabab bo‘lgan. Keyinchalik gumonlanuvchi o‘z joniga qasd qilgan holda topilgan.








