Bosniyada harbiy vertolyot quladi: to‘rt kishi halok bo‘ldi
Yevropa Ittifoqining tinchlikparvar kuchlariga tegishli vertolyot o‘quv parvozi vaqtida qulagan.

Bosniyada Yevropa Ittifoqi harbiy missiyasiga tegishli CH-47 Chinook vertolyoti o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi jarohatlandi.
EUFOR ma’lumotiga ko‘ra, halokat payshanba kuni mamlakatning Brchko hududida, poytaxt Sarayevodan 180 kilometr shimolda sodir bo‘lgan. Jarohatlanganlarning barchasi shifoxonaga yetkazilgan, ularning ahvoli barqaror.
Italiya hukumati vertolyot bortidagi barcha shaxslar mamlakat fuqarolari bo‘lganini tasdiqladi. Italiya Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar ikki nafar harbiy xizmatchi va Qizil Xoch tashkilotining ikki nafar ko‘ngillisi ekanini ma’lum qildi.
Brchko shifoxonasi vakilining AFP agentligiga aytishicha, halokat vaqtida vertolyot bortida jami 15 kishi bo‘lgan. Dastlab uch kishi halok bo‘lgan, shifoxonaga olib kelingan 12 kishidan biri keyinchalik vafot etgan.
Hozirda EUFOR hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha keng qamrovli tekshiruv olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, EUFOR 2004-yildan buyon Bosniyada faoliyat yuritadi. Missiya mamlakatda Deyton tinchlik kelishuvi ijrosini nazorat qiladi. U 1995-yilda Bosniya urushi tugaganidan so‘ng mamlakatda joylashtirilgan NATO tinchlikparvar kuchlari o‘rnini egallagan.








