Makka hududida dron urib tushirildi: tomonlar bayonotlari bir-biriga zid
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya dron Yaman hududidan uchirilganini bildirdi, husiylar esa hujumga aloqadorligini rad etdi.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari koalitsiyasi 30-oktabr kuni mamlakatning g‘arbiy qismida, Makka yaqinida uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilganini ma’lum qildi.
Koalitsiya vakili, general-mayor Turki al-Maliki X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida kuchlar Yaman hududidan husiylar tomonidan uchirilgan dronni tutib, yo‘q qilganini bildirdi.
Biroq husiylar harakati vakili Yahyo Sari hujumga aloqadorlikni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, harakat kuchlari 30-oktabr kuni Saudiya Arabistoniga zarba berishga urinmagan. Sari husiylarning harbiy operatsiyalari qirollikning neft inshootlari va harbiy bazalariga qaratilganini, Makka esa nishon bo‘lmaganini aytgan.
Saudiya Arabistoni Yaman hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgan arab davlatlari koalitsiyasiga boshchilik qiladi. Koalitsiya husiylarga qarshi kurashayotgan hukumat kuchlariga harbiy yordam ko‘rsatib, ularning pozitsiyalariga havo zarbalari beradi. Husiylar esa bunga javoban Saudiya Arabistoni infratuzilmasiga qarshi operatsiyalar o‘tkazib kelmoqda.








