“Zakovat” nafaqat bilim, balki mustaqil fikrlashni ham rivojlantiradi — Saida Mirziyoyeva
“Zakovat-Gambit” turnirida qatnashchilar soni o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshib, qariyb 6 ming nafarga yetdi.

Kecha, 30-oktyabr kuni beshinchi bor o‘tkazilgan “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri g‘oliblari taqdirlandi. Bu yilgi musobaqada 6 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p. Ishtirokchilarning 633 nafari ayollar va qizlardan iborat bo‘ldi.
Saida Mirziyoyeva turnir yakunlari haqida fikr bildirar ekan, bu raqamlar intellektual bellashuvlarga qiziqish ortib borayotgani, yoshlarda ilmga intilish va o‘z imkoniyatlariga ishonch kuchayayotganini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston xalqaro shaxmat maydonida salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda har bir insonning aqliy salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur muhitni shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega.
Saida Mirziyoyeva “Zakovat” loyihasining alohida ahamiyatini iqtidorli yoshlarni kashf etish bilan birga, ularda tafakkur madaniyati, mustaqil fikrlash va oqilona qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishida ko‘rishini bildirdi.
U mamlakat kelajagi yosh avlodning nafaqat bilim darajasi, balki bu bilimlarni amalda qo‘llay olishi va fikrlash doirasiga ham bog‘liqligini ta’kidladi.








