Nukusdagi 22 ta gaz quyish shoxobchasi jarimaga tortildi: narxlar bir vaqtda oshirilgan
Qo‘mitaga kelib tushgan murojaat asosida shoxobchalarda siqilgan gaz narxlari o‘rganilgan.

Raqobat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida faoliyat yurituvchi 22 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasiga raqobatga qarshi kelishilgan harakatlar uchun moliyaviy jarima qo‘lladi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga kelib tushgan murojaat asosida shoxobchalarda siqilgan gaz narxlari o‘rganilgan. Tekshiruv davomida ularning barchasida 1 kub metr gaz mahsuloti bir vaqtda amaldagi narxga nisbatan o‘rtacha 1 050 so‘mgacha qimmatlashtirib sotilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasi talablari buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Maxsus komissiya ishni ko‘rib chiqib, shoxobchalarga moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilgan. Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qarordan norozi bo‘lgan 9 ta tadbirkorlik subyekti sudga murojaat qilgan. Sud tomonidan qo‘mita qarorlarining qonuniyligi tasdiqlangan.
Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda faoliyat yurituvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida raqobatga qarshi kelishilgan harakatlarni aniqlash bo‘yicha monitoring tadbirlarini davom ettirishini bildirgan.








