Xazon yoqishning oqibati: tabiatga zarar yetkazganlar jarimaga tortiladi
Ekologiya qo‘mitasi fermer va dehqonlarni o‘simlik qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fermerlar, dehqonlar va yer egalarini dala maydonlarida xazon, ang‘iz, shox-shabba hamda boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, o‘simlik qoldiqlarini yoqish jarayonida atmosfera havosiga uglerod oksidi, azot oksidlari, benz(a)piren, dioksin, dibenzofuran, oltingugurt oksidi va fosgen kabi zaharli moddalar ajralib chiqadi. Bu moddalar atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.
Bundan tashqari, yuqori harorat ta’sirida tuproq tarkibidagi makro va mikroelementlar yo‘qolib, uning unumdorligi pasayadi.
Dala maydonlariga o‘t qo‘yish qonunchilik bilan taqiqlangan. Bunday huquqbuzarlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha jarima belgilanishi mumkin. Yong‘in oqibatida ekin maydonlariga yetkazilgan zarar uchun ham amaldagi tartibda iqtisodiy choralar qo‘llanadi.
Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligi davlat kosmik monitoringi doirasida somonpoyalarni yoqish holatlarini aniqlash va huquqbuzarlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
Mutasaddilar o‘simlik qoldiqlarini yoqish o‘rniga ulardan kompost tayyorlash, mulchalash yoki chorvachilik ehtiyojlari uchun foydalanishni tavsiya qilmoqda.








