“Sinovsiz 3-kursga kiritib qo‘yamiz”: vazirlik o‘qishga qabul qilishdagi firibgarlikdan ogohlantirdi
Ta’lim va ilm-fan vazirligi o‘qishga qabul qilish va o‘qishni ko‘chirishni pul evaziga hal qilib berishni va’da qilayotgan shaxslardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Ta’lim va ilm-fan vazirligi fuqarolarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Bunga Namangan viloyatida aniqlangan holat sabab bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroni xususiy universitetning 3-kursiga kiritib qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga 18 million so‘m talab qilgan shaxs pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar berildi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi orqali qabul qilinadi. Ko‘chirish jarayoni Agentlik o‘tkazadigan maxsus sinovlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingan talabalar haqidagi buyruqlar 1-oktyabrdan kechiktirmay HEMIS tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Belgilangan tartibga muvofiq, ushbu tizimga kiritilmagan shaxslarga diplom shakllantirilmaydi.
Shu sababli vazirlik fuqarolarni “sinovsiz 3-kursga kiritib qo‘yamiz”, “o‘qishni muddatidan keyin ko‘chirib beramiz” yoki “hujjatlarni keyin rasmiylashtiramiz” kabi va’dalarga ishonmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, fuqarolarga o‘qishga qabul qilish va o‘qishni ko‘chirishda faqat rasmiy platformalardan foydalanish, talabalik ma’lumotlari HEMIS tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshirish hamda hujjat va mablag‘larini vositachilarga bermaslik tavsiya etildi.
Shubhali takliflar yoki qonunbuzilish holatlari haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 1253 yoki vazirlikning 1006 qisqa raqamlari orqali xabar berish mumkin.








