Rossiya Gana fuqarolarini Ukrainadagi urushga yollamaydi: Putin va’da berdi
Gana fuqarolari shaxsiy tashabbusi bilan ham urushga bora olmaydi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gana fuqarolarini Ukraina bilan urushga jalb qilishni taqiqlashga va’da berdi. Bu haqda Gana tashqi ishlar vaziri Samuel Okudzeto Ablakva ma’lum qildi, deya yozmoqda DW.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Rossiya-Afrika uchinchi sammiti yakunlari bo‘yicha Kremlida Gana prezidenti Jon Dramani Mahama bilan uchrashuvda tegishli va’dani bergan. Taqiq noqonuniy yollash holatlari bilan birga, fuqarolarning o‘z tashabbusi bilan urushda qatnashishiga ham taalluqli bo‘ladi.
Avvalroq BMTning Ukrainadagi urush jinoyatlarini tergov qiluvchi mustaqil xalqaro komissiyasi Rossiyani xorijlik yollanma jangchilarni aldov yo‘li bilan frontga yuborish orqali odam savdosi bilan shug‘ullanishda ayblagan edi.
Kiyevning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 135 ta davlatdan 28 mingdan ortiq xorijlikni o‘z armiyasiga yollagan. Ularning 5 mingdan ortig‘i urushda halok bo‘lgan. Ukrainada kamida 213 nafar xorijlik harbiy asir sifatida saqlanmoqda. Ularning 37 nafari Afrika davlatlari fuqarolaridir.
Ma’lumot uchun, 2026-yil fevral oyida «Vajnie istorii» nashri ganalik Kelvin Edjire haqida yozgan edi. U dastlab Rossiya armiyasida xizmat qilgan, keyinchalik esa o‘z vatandoshlarini Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishga targ‘ib qilgan.








