Qozog‘istonga vizasiz kirish ham yangi tartibga o‘tadi: QazETA tizimi joriy etilmoqda
Mamlakatga borishni rejalashtirgan chet elliklar 2027-yil 1-iyuldan elektron kirish ruxsatnomasini olishi kerak bo‘ladi.

Qozog‘iston 2026-yil 1-noyabrdan vizasiz rejim amal qiladigan mamlakatlar fuqarolari uchun elektron kirish ruxsatnomasi — QazETA tizimini bosqichma-bosqich joriy eta boshladi. 2027-yil 1-iyuldan boshlab ruxsatnoma olish majburiy bo‘ladi.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib Qozog‘iston hukumatining 2026-yil 10-oktyabrdagi qarorida belgilangan. Tizim Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari fuqarolarini ham qamrab oladi.
QazETA tizimi quyidagi muddatlarda joriy etiladi:
-
2026-yil 1-noyabrdan — Aktau xalqaro aeroporti hamda Urlyutobe, Auhatty, Atameken va Nurly Jol avtomobil chegara o‘tkazish punktlarida;
-
2027-yil 1-yanvardan — Ostona va Olmaota xalqaro aeroportlarida;
-
2027-yil 1-martdan — davlat chegarasidagi boshqa barcha nazorat-o‘tkazish punktlarida;
-
2027-yil 1-iyuldan — elektron ruxsatnoma barcha tegishli chet el fuqarolari uchun majburiy bo‘ladi.
2027-yil 30-iyungacha davom etadigan o‘tish davrida ruxsatnomasiz ham Qozog‘istonga kirish mumkin. Bu davrda chegarachilar sayohatchilarni yangi talab haqida ogohlantiradi.
Elektron ruxsatnomani qanday olish mumkin?
QazETA raqamli platformasi orqali ruxsatnoma olish uchun bepul ariza topshirish mumkin. Ariza mamlakatga kirish rejalashtirilgan sanadan kamida 72 soat oldin yuborilishi kerak.
Ruxsatnoma 180 kalendar kun davomida amal qiladi. Biroq Qozog‘istonda bo‘lishning ruxsat etilgan muddati o‘zgarmaydi va amaldagi migratsiya qoidalari bilan belgilanadi. Chegaradan o‘tishda ariza topshirishda foydalanilgan pasport yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi lozim.
Yangi talab 29 toifadagi chet elliklarga tatbiq etilmaydi. Ular orasida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 65 yosh va undan katta shaxslar, Qozog‘istonda yashash yoki vaqtinchalik yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar hamda aeroportning xalqaro tranzit hududidan chiqmaydigan yo‘lovchilar bor.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi elektron ruxsatnoma mamlakatga kirishni avtomatik ravishda kafolatlamasligini ta’kidlagan. Qozog‘iston chegarachilari qonunchilikda belgilangan asoslar bo‘yicha chet el fuqarolarining kirishini rad etishi mumkin.








