“Hammasi Amerika tomoniga bog‘liq”: Eron ikki kun ichida sulhga kelishishga tayyor
Aroqchining aytishicha, natija Amerika tomonining javoblariga bog‘liq.

Eron AQSH bilan sulhga erishish bo‘yicha taklifini ikki kun ichida amalga oshirish mumkinligini ma’lum qildi. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy yetti banddan iborat dastlabki reja qisqartirilganini aytdi.
Al Jazeera nashrining xabar berishicha, Baqoiy Eron talablari bajarilgan taqdirda Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni tiklash va muzokaralarni imkon qadar tezroq boshlash mumkinligini ta’kidlagan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham ikki kunlik reja yuzasidan maslahatlashuvlar vositachilar orqali davom etayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hali yakuniy qaror qabul qilinmagan va natija AQSHning Eron savollariga beradigan javoblariga bog‘liq.
Aroqchining qayd etishicha, so‘nggi haftalarda Qatar vositachiligida ham muzokaralar olib borilgan. Eron tomoni Vashington diplomatiyani boshqa yo‘llardan ustun qo‘yishiga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, sentyabr oyi oxirida Tehron AQSHga Hurmuz bo‘g‘ozida kema qatnovini tiklash va kengroq muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha yetti banddan iborat reja taklif qilgan edi. Taklif vositachilar orqali yetkazilgan, biroq AQSH prezidenti Donald Tramp uni rad etgan.








