Zelenskiy ikki shartni ilgari surdi: Rossiya neft zavodlariga zarbalar toʻxtatilishi mumkin
Shuningdek, Ukraina AQShdan Patriot raketalarini bir oy muddatga yetkazib berishni so'ragan va buning uchun toʻlov qilishga tayyorligini bildirgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatish uchun ikki shartni ilgari surdi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatsa, Kiyev ham Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishni bas qiladi. Yana bir muqobil variant sifatida u AQShdan Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berishni taklif qilgan.
Ukraina prezidenti AQSh bir oy muddatga Patriot raketalarini yetkazib bersa, Ukraina ham shu davr mobaynida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilmasligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Kiyev raketalarni bepul yordam sifatida emas, balki o‘z mablag‘lari hisobidan sotib olishga tayyor.
Zelenskiy ushbu masalani AQSh prezidenti Donald Tramp va uning jamoasi bilan bir necha bor muhokama qilganini ham qayd etgan.








