Poytaxtda havo sifati yomonlashishi kutilmoqda: asosiy sabablar ma’lum qilindi
3-noyabrga o‘tar kechasi Toshkentda havo ifloslanishi kuchayishi mumkin.

3-noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi oshishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, kechki soatlarda havo sifati xalqaro AQI indeksi bo‘yicha sezgir guruhlar uchun nosog‘lom darajaga yetadi, soat 23:00 dan keyin esa ifloslanish kuchayishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, tunda havo sifati xalqaro indeks bo‘yicha “nosog‘lom”, milliy indeks bo‘yicha esa asosan “sariq” darajada bo‘ladi.
Bunga tunda haroratning pasayishi, shamolning kuchsizligi va kuchli harorat inversiyasi sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu omillar atmosfera quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklab, PM2.5 va PM10 zarrachalarining yer yuzasiga yaqin hududlarda to‘planishiga sharoit yaratadi.
Shuningdek, havo massalarining so‘nggi sutkada shahar atrofida sekin harakatlangani ham ifloslantiruvchi moddalar tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, 3-noyabr kuni tongda havo sifati asta-sekin yaxshilanishi mumkin. Quyosh chiqqach, harorat ko‘tarilishi va havo almashinuvi yaxshilanishi natijasida harorat inversiyasi kuchsizlanadi.
Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini monitoring qilish ishlari maxsus komissiya tomonidan davom ettirilmoqda.








