Rossiyada neftni qayta ishlash zavodi dronlar hujumiga uchradi: korxona jiddiy zarar ko‘rdi
Ukraina Telegram kanallari hujum nishoni «Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodi bo‘lganini va u yerda yong‘in chiqqanini xabar qilmoqda.

Ukraina dronlari Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatidagi sanoat korxonasiga hujum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, korxona jiddiy zarar ko‘rgan, jabrlanganlar yo‘q. Bu haqda viloyat gubernatori Gleb Nikitin ma’lum qildi.
Hodisa 1-noyabrga o‘tar kechasi Kstovo tumanida yuz bergan. Gubernator qaysi korxona nishonga olinganini ochiqlamagan.
Biroq Ukrainaning Exilenova+ va Supernova+ monitoring kanallari hujum Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri — «Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez»ga qaratilganini xabar qilgan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, zavod hududida yong‘in chiqqan. Shikastlangan qurilmalar va ishlab chiqarish quvvatlariga yetkazilgan zarar hozircha aniq emas.
Gubernatorning aytishicha, o‘tgan tunda viloyat osmonida 100 dan ortiq dron urib tushirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa mamlakatning 17 ta hududida 235 ta Ukraina droni yo‘q qilinganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, mazkur neftni qayta ishlash zavodi joriy yilda ham bir necha bor dronlar hujumiga uchragan.
Reuters xabariga ko‘ra, avgust oyidagi hujumlar oqibatida texnologik qurilmalar shikastlanib, korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Sentyabrda esa zavod nominal quvvatining atigi 25 foizida ishlagan.








