Rossiya Zaparojjyaga aviabomba tashladi: 24 kishi halok bo‘ldi
Viloyatning Komyshevaxa qishlog‘idagi gumanitar yordam tarqatish markazi va boshpanaga zarba berildi.

Rossiya qo‘shinlarining Ukraina janubidagi Zaporojjya viloyati Komyshevaxa qishlog‘iga uyushtirgan havo hujumi oqibatida 24 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lum qildi, deya xabar berdi AP.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning bildirishicha, hududga 10 ta boshqariladigan aviabomba tashlangan. Nishonga gumanitar yordam tarqatiladigan maktab binosi va uning yonidagi boshpana olingan. Zelenskiy hujumni Rossiyaning keskinlikni pasaytirish niyatida emasligining yana bir dalili deb atadi.
Hujum Xerson viloyatida cheklangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi muddati tugagan kuni sodir bo‘lgan. Ushbu kelishuv Rossiya bosib olgan hududlardagi frontoldi mintaqalariga gumanitar yordam yetkazish va aholini evakuatsiya qilish imkonini bergan edi.
Shuningdek, Ukraina rasmiylari dushanba kuni mamlakat hududiga Rossiya tomonidan bir nechta dron hujumlari uyushtirilganini bildirgan.
Bundan tashqari, Ukraina va Rossiya aholisi davlatning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mobil ilovalari buzilishi oqibatida soxta ogohlantirishlar olgan. Ukrainada ular orasida yadroviy tahdid haqidagi xabar ham bo‘lgan. Ukraina tomoni o‘z ilovasi qayta ishga tushirilganini, Rossiya esa tizimni tiklash ishlari davom etayotganini ma’lum qilgan.








