O'zbekiston

Xorijdagi mehnat staji O‘zbekistonda pensiya tayinlashda hisobga olinadi

Bu yil Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan ish staji va pensiya huquqini o‘zaro tan olish bo‘yicha bitimlar imzolangan.

Xorijdagi mehnat staji O‘zbekistonda pensiya tayinlashda hisobga olinadi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda qonuniy mehnat qilayotgan fuqarolarning ish stajini O‘zbekistonda pensiya tayinlashda hisobga olish masalasiga e’tibor qaratdi.

 

Qayd etilishicha, xorijda ishlayotgan fuqarolar soliq bilan birga pensiya badallarini ham to‘laydi. Biroq ularning chet eldagi mehnat stajini vatanga qaytgach hisobga olish masalasi to‘liq hal etilmagan.

 

Bu yil Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan ish staji hamda pensiya huquqini o‘zaro tan olish bo‘yicha bitimlar imzolangan. Endilikda Germaniya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Boltiqbo‘yi va Bolqon davlatlari bilan ham shunday kelishuvlarga erishish vazifasi qo‘yildi.

 

“Ularning xorijdagi ish staji vatanga qaytgandan keyin hisobga o‘tishi, ayniqsa, pensiya tayinlashda, albatta, inobatga olinishi zarur”, — dedi davlat rahbari.

 

Mutasaddilarga ushbu davlatlar bilan muzokaralarni jadallashtirib, yil yakuniga qadar aniq natijalarga erishish topshirildi.