Buxoroda 105 million dollarlik turizm markazi qurilmoqda: 2 mingta ish o‘rni yaratiladi
Majmuada mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, muzey, amfiteatr va hunarmandchilik markazlari tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida barpo etilayotgan yangi turizm markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Loyiha qadimiy Buxoroning tarixiy obidalari, hunarmandchilik va gastronomiya an’analarini zamonaviy xizmatlar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, shaharda yirik xalqaro madaniy va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Majmua 50 gektar maydonda qurilmoqda. Loyihaga jami 105 million dollar investitsiya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, hududda qabullar uyi, ko‘rgazmalar zali, muzey, ikkita zamonaviy mehmonxona, 80 ta oilaviy mehmon uyi, 2 ming o‘rinli amfiteatr hamda 70 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi barpo etiladi. Shuningdek, sayilgohlar, hunarmandchilik markazlari va sun’iy ko‘l tashkil qilinadi.
Hozirda markazning 10 gektar maydonida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonga 50 ga yaqin maxsus texnika jalb qilingan.
Majmua to‘liq ishga tushgach, 2 mingta ish o‘rni yaratilishi va Buxoroga qo‘shimcha 2 milliondan ortiq sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy budjetga yillik tushum 288 milliard so‘mni tashkil etishi mumkin.
Prezident loyihaning ahamiyati faqat binolar qurilishi bilan cheklanmasligi, balki Buxoroning boy tarixiy va madaniy merosini dunyoga kengroq tanitish, mahalliy aholiga yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Davlat rahbari loyihani shu maqsadlardan kelib chiqib amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shu yerning o‘zida Buxoro infratuzilmasini 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga puxta tayyorlash yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglanib, tegishli vazifalar belgilandi.








