O'zbekiston

Toshkentda qozog‘istonlik futbol festivali ishtirokchilari zaharlandi: 17 kishi shifoxonada

11 bola va 6 katta yoshli kishi oziq-ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Toshkentda qozog‘istonlik futbol festivali ishtirokchilari zaharlandi: 17 kishi shifoxonada

 

Toshkentda Qozog‘istonning Qarag‘andi shahridan kelgan “Dostlik Cup 2026” xalqaro futbol festivali ishtirokchilari orasida oziq-ovqatdan zaharlanish holati qayd etildi. Jabrlanganlarning 11 nafari bola, 6 nafari katta yoshli kishilardir.

 

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, 1-noyabr kuni festival ishtirokchilari — bolalar va kattalar zaharlangani haqida xabar kelib tushgan. Jami 19 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 17 nafari Toshkent shahridagi 5-sonli shahar klinik infeksion kasalxonasiga yotqizilgan.

 

Jabrlanganlarning barchasi barqaror holatda ekani va ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani bildirilgan.

 

Elchixona konsuli Saken Perdebekov xabar kelib tushganidan so‘ng shifoxonaga borib, jabrlanganlarga konsullik yordamini ko‘rsatgan. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi ham shifoxonaga tashrif buyurib, davolash jarayoni bilan tanishgan va bolalarning ota-onalari bilan uchrashgan.

 

Vaziyat Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Otabek Imomov nazoratida ekani ma’lum qilingan. Jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun Toshkent tibbiyot universiteti professorlari, sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari va boshqa soha vakillari jalb etilgan.

 

Festival tashkilotchilari ham jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatmoqda.