O'zbekiston

Prezident Buxoroga keldi: tashrif Bahouddin Naqshband maqbarasidan boshlandi

Davlat rahbari Buxoroning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va undan yoshlar tarbiyasida foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Buxoroga keldi: tashrif Bahouddin Naqshband maqbarasidan boshlandi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni bunyodkorlik ishlari va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish uchun Buxoro viloyatiga keldi.

 

Davlat rahbarining tashrifi Kogon tumanida joylashgan Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi. Bu yerda Qur’on tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.

 

Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband XIV asrda yashab o‘tgan buyuk alloma va tasavvufdagi naqshbandiya tariqatining asoschisidir. Uning maqbarasi atrofida asrlar davomida shakllangan me’moriy majmua bugun ham islom olamidagi e’zozli ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.

 

Har kuni o‘rtacha 15 mingga yaqin kishi ziyorat qiladigan Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi “Ipak yo‘li: Zarafshon – Qoraqum koridori” tarkibida UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

 

So‘nggi yillarda majmuaning tarixiy qiyofasini asrash va ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. XV asr chizmalari asosida “Doniyolbiy otaliq” madrasasi va “Toqi miyona” darvozasi ta’mirlandi. Shuningdek, muzey ekspozitsiyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

 

Prezident Buxoro asrlar davomida ma’rifatli islom taraqqiyotida muhim o‘rin tutib kelganini ta’kidladi. Davlat rahbari boy ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, undan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish va ularni ilm-ma’rifatga undash zarurligini qayd etdi.

 

“Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy bobolarimiz nomi bilan bog‘liq majmualar – bularning barchasi bir maqsadga xizmat qiladi: buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini davom ettirish va yoshlarimizni shu ruhda tarbiyalash”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.