Eron baliqchi kemasini qaroqchilar egalladi: Hindiston dengiz floti ekipajni qutqardi
Qutqaruv ishlari 48 soat davom etgan.

Hindiston harbiy-dengiz kuchlari Somalidan uzoqda garovga olingan Eron baliqchi kemasi va uning 20 nafar ekipaj a’zosini ozod qildi. Qutqaruv operatsiyasi 48 soatdan ortiq davom etgan. Bu haqda Hindiston Mudofaa vazirligi ma’lum qildi, deya yozdi AP.
Hindiston mudofaa vaziri Rajnat Singxning bildirishicha, «Azini» nomli kemani qutqarish operatsiyasi 2-noyabr kuni Arabiston dengizida, Mumbay shahridan 3 ming kilometrdan ortiq masofada yakunlangan.
Operatsiya davomida Hindiston harbiylari 12 nafar somalilik qaroqchini qurolsizlantirgan. Ularning mobil telefonlari olib qo‘yilib, gumonlanuvchilar ozod qilingan. Bu haqda Puntlend dengiz politsiyasi kuchlari vakili Associated Press agentligiga ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar va ikki nafar somalilik xavfsizlik xodimi keyinchalik Somalining shimoli-sharqidagi Bandar Bayla shahriga yetib kelgan. Sohilga chiqqan uch kishida yengil tan jarohatlari bo‘lgan.
Qutqaruv operatsiyasida harbiy kema, dengiz hududini kuzatuvchi samolyot va maxsus dengiz kuchlari ishtirok etgan. Shuningdek, Hindiston harbiy-havo kuchlarining C-17 samolyoti orqali qo‘shimcha maxsus kuchlar hududga desant qilingan.
«Azini» kemasi 29-oktyabr kuni Bandar Bayla va Hafun shaharlari oralig‘ida qaroqchilar tomonidan egallab olingan edi. Puntlend rasmiysi avvalroq kemada 21 nafar eronlik ekipaj a’zosi va ikki nafar somalilik xavfsizlik xodimi bo‘lganini bildirgan. Hindiston esa 20 nafar ekipaj a’zosi qutqarilganini ma’lum qildi. Ushbu tafovutga hozircha izoh berilmagan.
Hindiston harbiylari kemani dengiz va havo orqali kuzatib borgan. Rasmiylarga ko‘ra, qaroqchilar undan savdo kemalariga hujum qilish uchun suzuvchi baza sifatida foydalanishi mumkinligidan xavotir bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi oylarda Adan qo‘ltig‘i va Hind okeanining g‘arbiy qismida somalilik qaroqchilarning hujumlari yana kuchaymoqda. Avgust oyiga qadar qaroqchilar aprel oyidan buyon oltita tijorat kemasini egallab olgan. Sentyabrda esa ular aprel oyidan beri garovda ushlab turilgan «MT Honour 25» tankerining besh nafar ekipaj a’zosini o‘ldirgan. Keyinchalik xavfsizlik kuchlari tankerni qaytarib olgan va 16 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan.
Mintaqadagi qaroqchilikning kuchayishi, shuningdek, Hormuz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozlaridagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar xalqaro dengiz savdosi va neft tashuvlariga qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda.








