AQShning Eronga zarbalari: Qeshm orolida portlashlar eshitildi
Amerika rasmiylari hujumni mudofaa chorasi sifatida ta’riflagan.

The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, 2-noyabr kuni kechqurun AQSh qurolli kuchlari Eronning Qeshm oroliga zarbalar bergan. Hujumlar ortidan mamlakat janubida portlashlar eshitilgan.
Eronning Fars axborot agentligi esa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlari HUrmuz bo‘g‘ozi sharqida AQShning MQ-9 razvedka va hujumkor dronini, Qeshm orolining janubida esa yana ikkita MQM-170 uchuvchisiz uchish apparatini yo‘q qilganini xabar qilgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi OAV xabarlariga hozircha izoh bermagan.
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Amerika rasmiylari zarbalarni mudofaa maqsadida amalga oshirilgan harakat sifatida ta’riflagan. Ularning maqsadi Eronni HUrmuz bo‘g‘ozida savdo kemalariga hujum qilishni to‘xtatishga majburlash bo‘lgan.
Nashr manbalaridan birining aytishicha, AQSh mintaqada yangi harbiy harakatlar boshlanishining oldini olish maqsadida hujum haqida ma’lumotni ataylab oshkor qilmagan.
The Guardian nashri ham AQSh 2-noyabr kuni kechqurun Qeshm oroliga cheklangan miqdorda zarba bergani haqida yozgan. Hujum AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens diplomatik sa’y-harakatlar urushni tugatish yo‘lida to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganini aytganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan.
Nashrning qayd etishicha, zarbalar mudofaa xarakterida bo‘lib, keng ko‘lamli harbiy harakatlar qayta boshlanishining belgisi sifatida talqin qilinmayapti.








