AQSh, Rossiya va Ukraina muzokaraga tayyorlanmoqda: Uitkoff kun tartibini ochiqladi
Muzokaralar 10-11-noyabr kunlari Abu-Dabida o'tkazilishi rejalashtirilmoqda.

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Abu-Dabida AQSh, Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uch tomonlama muzokaralarda qanday masalalar muhokama qilinishini ma’lum qildi.
Uning X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, uchrashuv 10–11-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda Ukraina mojarosi yakunlanganidan keyingi xavfsizlik, keskinlikni kamaytirish, gumanitar masalalar hamda tinchlikka erishish yo‘lidagi navbatdagi qadamlar ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, Vitkoff shu hafta AQSh muzokarachilari Bryusselda Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari bilan uchrashishini bildirdi.
Ushbu muzokaralarda Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari, mojaro yakunlanganidan keyingi Yevropa xavfsizlik arxitekturasi hamda Ukrainaning tiklanishi uchun iqtisodiy imkoniyatlar muhokama qilinadi.
“Biz Kiyev, Oslo va Sankt-Peterburgda kelajak avlodlar uchun uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlaydigan keng qamrovli va barqaror tinchlik kelishuviga erishish yo‘lida erishilgan yutuqlarni mustahkamlashga umid qilamiz”, — deb yozdi maxsus vakil.
Uch tomonlama muzokaralar formatiga qaytish masalasi 21-oktyabr kuni Uitkoff va Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchrashuvida muhokama qilingan edi. O‘shanda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva 10-noyabr atrofida maslahatlashuvlarni qayta boshlashga tayyorligini bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, muzokaralarning asosiy mavzusi Rossiya va Ukraina uchun xavfsizlik tizimini yaratish bo‘ladi. Shu bilan birga, uchrashuvning aniq sanasi jang maydonidagi va umumiy vaziyatga bog‘liq ekani aytilgan.








