Yadroviy zarba xavfi: Eron aholiga favqulodda ko‘rsatmalarni e’lon qildi
Eron davlat televideniyesi yadroviy zarba berilgan taqdirda aholining qanday harakat qilishi kerakligi haqida ko‘rsatmalarni namoyish etdi.

Eron davlat televideniyesida yadroviy zarba yuz bergan taqdirda aholi qanday harakat qilishi kerakligi haqida ko‘rsatmalar berildi. Unda fuqarolarga kamida 24 soat davomida boshpanada qolish tavsiya qilingan. Bu haqda Clash Report Al Arabiya ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ko‘rsatmalarda portlash vaqtida kuchli yorug‘likka qaramaslik, to‘siq ortiga yashirinish, yerga yotib, bosh va yuzni himoya qilish tavsiya etilgan. Zarba to‘lqini o‘tganidan keyin esa eng yaqin binoga kirish, deraza va tashqi devorlardan uzoqroq turish kerakligi aytilgan.
Shuningdek, fuqarolarga ustki kiyimlarini silkitmasdan yechish, ularni paketga solib, og‘zini mahkam yopish, ochiq qolgan tana qismlarini suv va sovun bilan yuvish tavsiya qilingan. Aholi idishdagi ichimlik suvi va qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanishi, 24 soat o‘tgach ham rasmiy idoralarning ko‘rsatmalarisiz boshpanani tark etmasligi kerak.
India Today nashrining yozishicha, Eron davlat axborot agentligi IRNA ushbu video-yo‘riqnoma va tavsiyalarni 29-oktyabr kuni Passiv mudofaa haftaligi doirasida e’lon qilgan. Sakkiz daqiqalik video Isfahon viloyati favqulodda xizmatlari tomonidan tayyorlangan.
Mazkur ogohlantirishlar AQShning Eronga ehtimoliy yadroviy zarbasi haqidagi tasdiqlanmagan da’volar ortidan e’tibor markaziga tushdi. Amerikalik jurnalist Taker Karlson 2-noyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning bosimi ostida bir necha kun ichida Eronga yadroviy zarba berishi mumkinligini da’vo qilgan.
Karlson ehtimoliy nishon sifatida Eron markazidagi Pikaks tog‘i hududini ko‘rsatgan. Uning fikricha, u yerdagi yadroviy obyektlarning tunnellarini yo‘q qilish uchun AQSh arsenalidagi oddiy qurollar yetarli emas va yagona harbiy variant yadroviy zarba bo‘lishi mumkin.
Jurnalist o‘z da’volarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan. Clash Report ma’lumotiga ko‘ra, Oq uy va Isroilning BMTdagi vakili ushbu da’volarni rad etgan. Eron rasmiylari esa fuqaro mudofaasi bo‘yicha ko‘rsatmalarni muayyan tashqi tahdid bilan bog‘lamagan.
Ma’lumot uchun, Eron o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Passiv mudofaa haftaligini o‘tkazib keladi. Biroq avvalgi yillarda yadroviy hujumdan himoyalanishga bag‘ishlangan shunga o‘xshash qo‘llanma e’lon qilingani haqida ma’lumot yo‘q.








