Buxoroda aholining 80 foizi avtomobilda qatnaydi: qo‘shimcha 120 ta avtobus olib kelinadi
Viloyatda jamoat transportini rivojlantirish, aeroport va vokzallar atrofidagi xizmatlar sifatini oshirish hamda yangi turar joy massivlarini qurish topshirildi.

Buxoroda jamoat transporti yetarlicha rivojlanmagani sababli aholining 80 foizi ish, o‘qish va kundalik yumushlariga yengil avtomobilda qatnaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha 120 ta avtobusni olib kelish ishlarini jadallashtirish vazifasini qo‘ydi.
Yig‘ilishda turistlarning Buxoro haqidagi dastlabki taassuroti aeroport va temir yo‘l vokzallari atrofidagi muhitdan boshlanishi ta’kidlandi. Shu bois, ushbu hududlarda xizmat ko‘rsatish sifati va qulayliklarni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, daraxt turlarini Buxoroning iqlimi va tarixiy qiyofasiga mos tanlash, mavjud daraxtlarni parvarishlash hamda yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirishda yagona yondashuvni ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Viloyatdagi 55 ta mahalla aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishni kutayotgani ma’lum qilindi. Prezident mas’ullarga ushbu mahallalarga suv yetkazib berishning aniq muddatlarini belgilash va muammoni hal qilishni topshirdi.
Bundan tashqari, viloyatdagi oilalarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida turar joy massivlari qurilishini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.








