Toshkentda issiq suv nega loyqalandi? Veolia izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim xonadonlarga jigarrang tusli issiq suv kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

4-noyabr kuni Toshkentdagi ayrim xonadonlarga jigarrang tusli issiq suv kelayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda foto va videolar tarqaldi. Veolia Energy Tashkent holat yuzasidan izoh berib, suv rangining o‘zgarishini isitish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan bog‘ladi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda magistral tarmoqlarda suv aylanish tizimi sozlanmoqda. Bosim o‘zgarishi va suv oqimining yo‘lga qo‘yilishi natijasida quvurlar devorlarida yoz davomida to‘plangan tabiiy cho‘kindilar yuvilib chiqmoqda.
Shu sababli ayrim xonadonlarda, xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanining Qorasuv, Feruza, Yalang‘och va boshqa mavzelarida suv rangining vaqtincha o‘zgarishi yoki yoqimsiz hid paydo bo‘lishi mumkin.
Veolia hozirda magistral tarmoqlarning asosiy tugunlarida turg‘un suvni chiqarib yuborish va tarmoqning ayrim qismlarini yuvish ishlarini olib bormoqda.
Kompaniya loyqa suv kelayotgan xonadonlar aholisidan uni mustaqil ravishda oqizib yubormaslikni so‘radi. Buning o‘rniga Telegram bot orqali tuman, mavze va uy raqamini ko‘rsatgan holda murojaat yuborish tavsiya etildi. Murojaatlar dispetcherlarga yo‘naltirilib, mutaxassislar tegishli quvur qismini yuvish uchun yuboriladi.
Veolia yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘rab, tizimni me’yoriy holatga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganini bildirdi.








