Farroshlarning oyligi berilmayaptimi? Metropoliten izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenida ishlovchi farroshlarning oylik maoshlari kechiktirilayotgani yoki umuman berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent metropoliteni” AJda ishlovchi farroshlarning oylik ish haqlari o‘z vaqtida to‘lanmayotgani yoki umuman berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
“Toshkent metropoliteni” AJ mazkur da’volar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi. Jamiyat ma’muriyati xodimlarga, jumladan, farroshlarga hisoblangan ish haqlari har oyning boshida belgilangan tartibda muntazam to‘lab kelinayotganini bildirdi.
Qayd etilishicha, 2021-yilda metropoliten xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 2,8 million so‘m bo‘lgan. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 8,4 million so‘mga yetgan. Shuningdek, 2026-yil davomida xodimlarning o‘rtacha oyligi yana 20 foizga oshirilgan.
Farrosh xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi esa 2021-yilda 1 million so‘m atrofida bo‘lgan. Hozirda mehnat staji va sharoitlariga qarab, ushbu toifadagi xodimlar oyiga o‘rtacha 6–7 million so‘mgacha maosh olmoqda.
Jamiyat ijtimoiy tarmoq faollari va sahifa ma’murlarini tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka, taxmin va biryoqlama xulosalar o‘rniga aniq faktlarga tayanishga chaqirdi.
Shuningdek, tashkilotning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi yolg‘on ma’lumotlar tarqatilgan holatlarda qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishi mumkinligini eslatdi. Metropoliten ma’muriyati da’volar yuzasidan asosli dalillar bo‘lsa, ularni ochiq muloqot doirasida ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.








