Toshkentda havo sifati yaxshilanadi: yog‘ingarchilik kutilmoqda
Yog‘ingarchilik havodagi PM2.5 va PM10 zarrachalari miqdorini kamaytirib, havo sifatining yaxshilanishiga yordam berishi mumkin.

5-noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida havo sifati yaxshilanishi prognoz qilinmoqda. Kechki, tungi va ertalabki soatlarda havo sifati xalqaro AQI indeksi bo‘yicha asosan «o‘rtacha», ayrim vaqtlarda esa «sezgir guruhlar uchun nosog‘lom» darajada bo‘ladi. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha ko‘rsatkich asosan «yashil», qisqa muddatga esa «sariq» darajaga tushishi kutilmoqda.
Global ob-havo prognoz modellariga ko‘ra, 5-noyabrga o‘tar kechasi 2–6 mm yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Bu havodagi PM2.5 va PM10 mayda zarrachalari miqdorini kamaytirib, havo sifatining yaxshilanishiga yordam berishi mumkin.
5-noyabr kuni ertalab xalqaro AQI indeksi bo‘yicha havo sifati «o‘rtacha», milliy indeks bo‘yicha esa «yashil» darajada bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ayni paytda Toshkent shahrida atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan muntazam monitoring qilib borilmoqda.








