51 tup daraxt kesildi, 5 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya hisoblandi: qurilish kompaniyasiga chora ko‘rildi
Shuningdek, 396 mln so‘mlik zararni qoplash va 5 100 tup ko‘chat ekish majburiyati yuklatildi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ko‘p qavatli turar joy majmuasini qurayotgan “B..D.” MChJ faoliyatida ekologik qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Ekopolitsiya xodimlari Jarqo‘rg‘on ko‘chasidagi qurilish maydonini o‘rgangan. Tekshiruv davomida obyektning har bir bosqichi uchun davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan bo‘lsa-da, ularda belgilangan talablarning aksariyati bajarilmagani ma’lum bo‘lgan.
Xususan, qurilish maydoniga kirish-chiqish joylarida yuk avtomobillari g‘ildiraklarini yuvish uchun blok-postlar tashkil etilmagan. Natijada loy va tuproq Jarqo‘rg‘on ko‘chasi bo‘ylab 2–2,5 kilometr masofaga yoyilgan. Tuproq qurigach, avtomobillar harakati sabab havoga chang ko‘tarilgan. Atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha zarur choralar ham ishlab chiqilmagan.
Shuningdek, eski binolarni buzishdan hosil bo‘lgan 126 188,9 tonna chiqindi va kotlovan qazishdan chiqqan 368 432 tonna tuproq qayerga olib ketilgani yuzasidan korxona hech qanday hujjat taqdim etmagan. Mutaxassislar o‘lchovlariga ko‘ra, hududda 12 036 tonna qattiq maishiy va qurilish chiqindisi belgilanmagan joyga to‘plangan. Chiqindilarni olib chiqish va oqova suvlarni tashish bo‘yicha shartnomalar ham tuzilmagan.
Bundan tashqari, korxona tomonidan 51 tup daraxt — 50 tup archa va 1 tup chinor noqonuniy kesilgani aniqlangan. Korxona ularni kesish uchun ariza bergan, biroq Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasi ruxsat bermagan.
Tekshiruvda “Yashil makon” dasturi doirasida hududning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish, uglerod neytralligi rejasini ishlab chiqish kabi majburiyatlar ham bajarilmagani qayd etilgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan korxonaga:
-
atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni noqonuniy joylashtirganlik uchun 5 mlrd 183 mln 364 ming 476 so‘m kompensatsiya to‘lovi;
-
kesilgan daraxtlar uchun o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 396 mln so‘m zararni qoplash majburiyati yuklatildi.
Shuningdek, kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan, jami 5 100 tup, kamida uch yillik ko‘chat ekish va ularni uch yil davomida parvarishlash belgilandi.
Korxona rahbariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 85¹-moddasi 1-qismi bo‘yicha 4 mln 400 ming so‘m jarima qo‘llanildi.
Bundan tashqari, korxonaga chang ko‘tarilishining oldini olish, hududdagi chiqindilarni o‘lchab, olib chiqish va qayta ishlashga topshirish, shuningdek, “Ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonot” loyihasini 10-dekabrgacha ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.








