Gaz “zapravka”lariga yangi talab: maishiy gaz ballonlarini to‘ldirgan zapravkalar jarimaga tortiladi
Yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun yangi javobgarlik choralari belgilandi.

Hukumat tomonidan 2-noyabrda imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tegishli modda bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, obyektlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish hamda qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonida vakolatli organlar va xulosa beruvchilarning vazifalarini bajarishiga mansab vakolatidan foydalanib, qonunga xilof ravishda aralashish uchun javobgarlik belgilandi.
Bunday harakatlar BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga maishiy gaz ballonlarida berish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-ko‘ngilochar markazlari mulkdorlari uchinchi shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga yong‘in oqibatida zarar yetkazilganligi uchun fuqarolik javobgarligini hamda ushbu obyektlarni yong‘indan majburiy sug‘urta qilish majburiyatini bajarmasa, mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha jarima solinadi.
Bundan tashqari, yong‘in auditini o‘tkazishga oid qonunchilik talab va shartlarini buzganlik uchun fuqarolarga BHMning 15 baravari, mansabdor shaxslarga esa 30 baravari miqdorida jarima belgilandi.








