Yangi yilga tayyorgarlik ortidan yashirin yuk: Namanganda 300 mingdan ortiq pirotexnika aniqlandi
10 turdagi pirotexnika vositasini noqonuniy olib kirishga urinish fosh etildi.

Namangan viloyatida 301 ming 462 dona pirotexnika vositasini O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib kirishga urinish fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Namangan viloyati bojxona boshqarmasining “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, DXX, IIB va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda aniqlangan.
Qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali tekshirilganida, tirkamaning pol qismi tagiga yashirilgan xorijda ishlab chiqarilgan 10 turdagi jami 301 462 dona pirotexnika vositasi aniqlangan.
Shuningdek, transport vositasidan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 140 kasetada 700 dona “Steklovidnoye telo” nomli tibbiy dori vositasi ham topilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.








