Surxondaryoda piyoz nega qimmatlashdi? Vazirlik narx oshishiga izoh berdi
Viloyatda piyozning chakana narxi kilogrammi uchun 4 000–4 500 so‘mni tashkil etmoqda.

So‘nggi kunlarda Surxondaryo viloyatida piyoz narxi oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga mahsulot yetishtirishning mavsumiy xususiyati, boshqa hududlardan tashib keltirish xarajatlari va savdo ustamasi ta’sir qilayotganini ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekistonda 1,5 million tonna piyoz yetishtirish rejalashtirilgan. Bu aholining tibbiy me’yorlar asosidagi iste’mol talabidan 400 ming tonna yoki 35 foizga ko‘p.
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida Surxondaryo viloyatida 387,1 ming tonna piyoz yetishtirilgan. Uning 120 ming tonnasi aholi iste’moliga yo‘naltirilgan, 46 ming tonnasi eksport qilingan, qolgan qismi esa respublikaning boshqa hududlariga yetkazib berilgan.
Vazirlik izohiga ko‘ra, Surxondaryoning tuproq-iqlim sharoiti piyozni asosan erta muddatlarda, ya’ni aprel–may oylarida yetishtirishga mos. Kuzda ekiladigan kechki piyoz esa yozgi yuqori haroratning salbiy ta’siri sababli katta maydonlarda yetishtirilmaydi.
Ayni paytda 2026-yil hosili uchun yetishtirilgan piyoz dalalarda qolmagan. Shu sababli viloyat bozorlaridagi talabni qondirish uchun Jizzax va Samarqanddan piyoz olib kelinmoqda.
Transport xarajatlari ham mahsulot narxiga ta’sir qilmoqda. Xususan, ushbu viloyatlardan Surxondaryoga bir kilogramm yukni yetkazish 350–370 so‘mga tushadi. 20 tonna yukni tashish xarajati 7 million so‘mgacha, 10 tonna yukni tashish esa 3,8–4 million so‘mgacha yetadi.
Vazirlik keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzaxda piyozning bir kilogrammi dehqonlardan 2 600–3 300 so‘mdan, Samarqandda esa 2 800–3 000 so‘mdan xarid qilinmoqda. Transport xarajatlari qo‘shilgach, mahsulotning Surxondaryoga yetkazib berish tannarxi 2 950–3 650 so‘mni tashkil etmoqda. Denov tumaniga yetkazilganda esa bu ko‘rsatkich 3 400–3 500 so‘mga yetadi.
Hozirda Surxondaryo bozorlarida piyozning chakana narxi bir kilogrammi uchun 4 000–4 500 so‘m atrofida shakllangan. Vazirlik tahliliga ko‘ra, ayrim holatlarda mahsulotning xarid va yetkazib berish tannarxi bilan sotuv narxi o‘rtasidagi farq 1 550 so‘m yoki 52,5 foizni tashkil qilmoqda. Bunda olib-sotar tadbirkorlarning savdo marjasi 25–50 foizgacha yetayotgani ham narx shakllanishidagi omillardan biri sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, 2025-yil noyabridan 2026-yil oktabriga qadar respublika bo‘yicha piyozning o‘rtacha chakana narxi bir kilogrammi uchun 2 552 so‘mni tashkil etgan.
Vazirlik ma’lumotida 2026-yilda bir gektar maydonda piyoz yetishtirish uchun o‘rtacha 65,5 million so‘m xarajat sarflanishi, hosildorlik esa 35 tonnaga yetishi kutilayotgani qayd etilgan. Bunda bir tonna piyozning yetishtirish tannarxi 1 million 870 ming so‘mni tashkil qiladi.
Ayni paytda 2026–2027-yillar qish-bahor mavsumi uchun respublika bo‘yicha 102,8 ming tonna piyoz zaxiraga jamg‘arilmoqda. Shundan 2 750 tonnasi Surxondaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi piyozni zaxiradan ichki bozorga chiqarish va maxsus savdo rastalarida arzonlashtirilgan narxlarda sotish imkoniyatlari mavjudligini bildirdi. Bu choralar narxlar barqarorligini saqlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Vazirlik, shuningdek, piyozni qimmatroq sotish maqsadida bozorga chiqarmay ushlab turishga undash iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamasligini qayd etdi. Chunki mahsulot uzoq saqlanganda vaznini yo‘qotishi va sifati buzilishi mumkin.








