20 million dollargacha mukofot: AQSh Eron yadro dasturi haqida ma’lumot izlamoqda
Mukofot Eronning yadroviy obyektlari, uskunalari, ularning joylashuvi va tegishli xodimlar haqidagi ma’lumotlar uchun beriladi.

AQSh Davlat departamenti Eronning yadroviy dasturi haqida muhim ma’lumot taqdim etgan shaxslarga 20 million dollargacha mukofot berilishini e’lon qildi.
Mukofot Davlat departamentining “Adolat uchun mukofotlar” dasturi doirasida taklif etilmoqda. U Eronning yadroviy dasturiga tegishli obyektlar va uskunalar, ularning joylashuvi hamda ko‘chirilishi, shuningdek, ushbu faoliyatga aloqador xodimlar haqidagi ma’lumotlarni qamrab oladi.
Departament bayonotida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) 2025-yilda Eron uranni 60 foizgacha boyitganini qayd etgani aytilgan. Bu yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun zarur deb hisoblanadigan 90 foizlik darajadan past.
AQSh Davlat departamentining ta’kidlashicha, Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmagan davlatlar orasida uranni bunday yuqori darajada boyitayotgan yagona mamlakat hisoblanadi. Bayonotda mutaxassislar boyitish jarayoni davom etsa, mavjud miqdor bir nechta yadroviy qurol uchun yetarli bo‘lishi mumkinligini bildirgani ham qayd etilgan.
Shuningdek, AQSh tomoni Eronning MAGATE kafolatlari bo‘yicha majburiyatlariga rioya qilmasligi agentlikning sentrifugalar kabi muhim komponentlarning ishlab chiqarilishi va zaxiralari haqidagi ma’lumotlar uzluksizligini yo‘qotishiga sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
Eron esa yadroviy qurol yaratishga intilmasligini bir necha bor bildirgan. Tehron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga sodiqligini ta’kidlab keladi. AQSh esa Eronni o‘z xalqaro majburiyatlarini buzishda ayblab kelmoqda.







