“Meni ham, o‘zingizni ham xafa qilasiz” — Sadir Japarov
Qirg‘iziston prezidenti uning sha’niga she’r o‘qimoqchi bo‘lgan ayolni to‘xtatib, bunday qilmaslikni so‘radi.

6-noyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Chuy viloyatining Sokuluk tumani aholisi bilan uchrashuvi chog‘ida uning sharafiga she’r o‘qimoqchi bo‘lgan ayolni to‘xtatgan. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida ayol dastlab prezidentga o‘z iltimosini bildirgan. Shundan so‘ng u davlat rahbariga bag‘ishlangan she’r o‘qish niyatida ekanini aytgan.
Biroq Sadir Japarov ayoldan she’r o‘qimaslikni so‘ragan. U bunday chiqish noto‘g‘ri taassurot uyg‘otishi mumkinligini tushuntirgan.
“Hukumatni maqtamang. Bu bilan siz meni ham, o‘zingizni ham xafa qilasiz. Keyin boshqalar meni maqtash uchun ‘navbatchi’ fuqarolarni to‘plaganimni aytishadi”, — degan Qirg‘iziston prezidenti.
Japarovning ta’kidlashicha, u jamoatchilik bilan uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan omma oldida maqtalishni istamaydi. Aks holda, bunday tadbirlarga odamlar prezidentni madh etish uchun ataylab taklif qilinayotgandek taassurot paydo bo‘lishi mumkin.







