Jahon

Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralar sanasini tasdiqladi: uch tomonlama uchrashuv BAAda o‘tadi

Muzokaralarda hududiy masalalar, xavfsizlik kafolatlari va gumanitar operatsiyalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralar sanasini tasdiqladi: uch tomonlama uchrashuv BAAda o‘tadi

 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya, AQSh va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar 10-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarida boshlanishini tasdiqladi. Uchrashuv Abu-Dabida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

 

“Keyingi hafta, seshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklarida Ukraina masalasi bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar boshlanishi rejalashtirilgan”, — dedi Putin Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda.

 

Rossiya prezidenti muzokaralarni tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun BAA rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, uchrashuvda ishtirok etadigan Rossiya vakillarini oldindan taklif qilganini ma’lum qilgan.

 

Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qilishi kutilmoqda. Muzokaralarga, shuningdek, tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakillari jalb etilgan.

 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoffning ma’lum qilishicha, muzokaralar 10–11-noyabr kunlari davom etishi kutilmoqda.

 

Uchrashuv kun tartibidan hududiy masalalar, yon berishlar, urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlari va gumanitar operatsiyalar o‘rin olishi mumkin.