Qirg‘iziston Rossiyaga nota yubordi: armiyaga yollangan fuqarosini qaytarishni talab qildi
Qirg‘iziston 21 yoshli fuqarosi Rossiya armiyasiga aldov yo‘li bilan jalb qilinganini bildirdi.

Qirg‘iziston Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Ukraina urushida Rossiya armiyasi safiga aldov yo‘li bilan jalb qilingan fuqarosini vataniga qaytarish talabi bilan nota yubordi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Talas viloyatidan bo‘lgan 21 yoshli Elistan To‘g‘otulov 2026-yil kuzida ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada yashovchi vatandoshining ish haqidagi e’loniga duch kelgan. Unga Rossiyada qo‘riqchilik va haydovchilik kabi ishlarda oyiga 110 ming rubl (taxminan 1 340 dollar) maosh va’da qilingan.
Biroq yigit Rossiyaga borgach, aldov yo‘li bilan mamlakat Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur qilingan. Shundan so‘ng u Ukrainadagi jangovar harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun Voronej viloyatidagi poligonga yuborilgan.
To‘g‘otulovning yaqinlari 3-noyabr kuni Manas shahridan videomurojaat yo'llab, hukumatdan uni vataniga qaytarishga yordam berishni so‘ragan.
Rasmiy Bishkek Rossiya tomonini yigitni ozod qilishga, uni armiyaga yollash holatini tekshirishga hamda bunga aloqador shaxslarni aniqlab, qonuniy javobgarlikka tortishga chaqirgan.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston rasmiylari Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolarini harbiy xizmatga aldov yo‘li bilan jalb etilish xavfidan ogohlantirgan.
BMT Bosh assambleyasining Ukrainadagi urush davrida sodir etilgan jinoyatlarni tekshiruvchi mustaqil komissiyasi oktyabr oyi oxirida e’lon qilgan maxsus hisobotida Rossiya armiyasiga aldov yoki majburlash orqali yollash holatlari kamida 29 mamlakat fuqarolariga nisbatan aniqlanganini bildirgan.







