O‘zbek kinosi uchun yangi iste’dodlar: Istanbulda talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar o‘zbek kinosining bugungi holati, yangi filmlar va xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Turkiyaning Istanbulkent universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Samimiy muloqot kino, ijod, Vatan va kelajak mavzulariga bag‘ishlandi. Unda yoshlar o‘zbek kinosining bugungi holati, yangi filmlar, xalqaro hamkorlik hamda mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan qiziqdi. Delegatsiya a’zolari esa talabalarning fikrlari, orzu-intilishlari va ijodiy rejalarini tingladi.
Ayniqsa, universitetning kino yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari bilan kelgusida milliy kino loyihalarida hamkorlik qilish masalasi muhokama etildi. Ularning iqtidor va bilimlarini o‘zbek kinosi rivojiga yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda xorijda tahsil olayotgan yoshlar orasida ham milliy kino rivojiga hissa qo‘shishga intilayotgan, yangi g‘oya va tashabbuslarga ega avlod borligi ta’kidlandi.








