Toshkentda avtobus haydovchisi transport vositasi ostida qolib, halok bo‘ldi
Avtobusning qo‘l tormozi faollashtirilmagani oqibatida transport vositasi harakatlana boshlagan va uni to‘xtatishga uringan haydovchi avtobus ostida qolib ketgan.

2026-yil 7-noyabr kuni Toshkent shahridagi 82-sonli avtobus yo‘nalishida faoliyat yuritgan haydovchi bilan baxtsiz hodisa yuz berdi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “18-avtobus saroyi” filialiga qarashli avtobus haydovchisi J.Z. yo‘lovchilarni bekatda tushirib, transport vositasini to‘xtatgan. Biroq u avtobusning qo‘l tormozini faollashtirmasdan, transport vositasini tark etgan.
Natijada avtobus o‘z-o‘zidan harakatlana boshlagan. Buni ko‘rgan haydovchi uni to‘xtatishga uringan, ammo avtobus ostida qolib ketgan. Oqibatda haydovchi halok bo‘lgan.
“Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati va jamoasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari hamda hamkasblariga chuqur hamdardlik bildirdi.








