O‘zbekistonda ob-havo keskin o‘zgaradi: ayrim hududlarda harorat 7 darajagacha sovuq bo‘ladi
Ayrim hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi, shimoliy va tog‘li joylarda esa qor kuzatilishi mumkin.

9-noyabrdan O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 10–12-noyabr kunlari esa respublikaning qolgan hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Natijada mamlakat bo‘ylab ob-havo keskin o‘zgarishi kutilmoqda.
“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, 9–11-noyabr kunlari respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi. Ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. 10–11-noyabr kunlari shimoliy va tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi.
Shuningdek, ayrim hududlarda shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati 9-noyabr kuni shimoliy hududlarda, 10–12-noyabr kunlari esa respublikaning boshqa hududlarida asta-sekin pasayadi.
Shimoliy hududlar va cho‘l hududlarida kechasi harorat 2–7 daraja sovuq, kunduzi 3–8 daraja iliq bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida esa kechasi 0–5 daraja iliq, ayrim joylarda 1–2 daraja sovuq, kunduzi 7–12 daraja iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.








