O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga amaliy tashrifi yakunlandi
Shavkat Mirziyoyevni Qasim-Jomart Toqayev kuzatib qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga amaliy tashrifini yakunladi.
Qozog‘iston poytaxtida Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida ishtirok etdi.
Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan bog‘liq yangi xatar hamda tahdidlarga birgalikda qarshi turish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston yetakchisi Iordaniya Podshohi Abdulla II bilan uchrashuv o‘tkazdi. Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari, Ozarbayjon va Qirg‘izistonning yuqori martabali vakillari hamda Aqaba jarayoni moderatori bilan ham suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Ostona xalqaro aeroportida O‘zbekiston Prezidentini Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.








