Toshkent aholisi uchun yangilik: isitish mavsumi boshlanish sanasi belgilandi
Toshkent shahar hokimining tegishli qaroriga muvofiq, 2026–2027 yilgi isitish mavsumi doirasida poytaxtda xonadonlar va ijtimoiy soha obyektlariga issiqlik berish bosqichma-bosqich boshlanadi.

Toshkent shahrida 2026–2027-yilgi isitish mavsumi 9-noyabrdan boshlanadi. Dastlab ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali turar joy binolariga issiqlik yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Poytaxt hokimining tegishli qaroriga muvofiq, isitish tizimlari maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy muassasalarda ishga tushiriladi. Ko‘p kvartirali uylarni issiqlik bilan ta’minlash ham shu sanadan boshlanadi.
Issiqlik ta’minotiga ulash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Isitish uchun to‘lov esa xonadonga issiqlik amalda yetkazib berila boshlangan kundan hisoblanadi. Ulanish sanasi boshqaruv kompaniyasi tomonidan imzolangan ikki tomonlama dalolatnomada qayd etiladi.
Xonadonlarda issiqlik bir maromda taqsimlanmasa, fuqarolarga uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyasiga murojaat qilish tavsiya etiladi. Bino ichidagi issiqlik taqsimoti va ichki tizimlarning sozligi uchun boshqaruv tashkiloti mas’ul hisoblanadi.
Issiqlik tarmoqlarida avariya holatlari yuzaga kelganda, Veolia Energy Tashkent kompaniyasining 1347 yoki (71) 200-00-56 raqamlariga, shuningdek, @vet_pokazaniya_bot Telegram-botiga murojaat qilish mumkin. Bot orqali murojaatlar 24/7 rejimida qabul qilinadi.








