“Muvaffaqiyatli” operatsiya har doim ham pul berilganini anglatmaydi — Markaziy bank
Bankomatlardan pul yechish bilan bog‘liq nizolarni xolisona ko‘rib chiqish bo‘yicha banklar va to‘lov tashkilotlariga talablar eslatildi.

O‘zbekiston Markaziy banki bank kartasidan mablag‘ yechilgan, biroq bankomat mijozga naqd pul bermagan holatlarni ko‘rib chiqish yuzasidan tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga talablarni eslatdi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish jarayonida kartadan pul yechilgan bo‘lsa-da, bankomatdan naqd pul berilmagan holatlar uchramoqda. Ayrim vaziyatlarda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini ko‘rsatuvchi texnik ma’lumotlarga tayanadi, biroq mijozga pul haqiqatda berilganini ishonchli tasdiqlay olmaydi.
Markaziy bank ta’kidlashicha, axborot tizimida operatsiyaning “muvaffaqiyatli” deb qayd etilishi xizmat amalda ko‘rsatilganining o‘z-o‘zidan tasdig‘i hisoblanmaydi.
Shu munosabat bilan tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari quyidagi talablarni bajarishi lozim:
-
bankomatlar va boshqa o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qurilmalaridan foydalanishda texnik hamda ichki nazorat talablariga rioya etish;
-
operatsiyalar natijalarini qayd etish va zarur ma’lumotlarni saqlash;
-
mijozga aniqlangan holatlar hamda xulosa chiqarishda foydalanilgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan javob yuborish;
-
operatsiya lozim darajada bajarilmagani aniqlansa, iste’molchining buzilgan mulkiy huquqlarini qonunchilikka muvofiq tiklash.
Shuningdek, Markaziy bank xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning majburiy talablarni buzishi nizoli operatsiyalarni xolisona aniqlashga to‘sqinlik qilgan taqdirda, bunday qoidabuzarlik oqibatlarini iste’molchi zimmasiga yuklash mumkin emasligini qayd etdi.
Qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda Markaziy bank tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan nazorat ta’siri va javobgarlik choralari qo‘llaniladi.








