12 nafar bloger reklama qonunchiligini buzgan: ularga ma’muriy chora qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasi monitoringida 110 nafar blogerning sahifalari kuzatilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklama materiallarining “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqligini monitoring qilib bormoqda. Tekshiruvlar davomida 12 nafar bloger tomonidan qonunchilik talablariga zid reklama axborotlari joylashtirilgani aniqlangan.
Qo‘mita tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 110 nafar bloger ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning sahifalarida e’lon qilinayotgan reklama materiallari har kuni monitoring qilinmoqda.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 12 nafar blogerga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan.
Shuningdek, respublikada keng jamoatchilikka tanilgan qo‘shiqchilar, aktyor va aktrisalar hamda sportchilar ro‘yxati shakllantirilib, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi reklama bilan bog‘liq chiqishlari ham muntazam kuzatib borilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilar, shu jumladan, blogerlar hamda mashhur shaxslarni reklama materiallarini joylashtirishda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Qo‘mita reklamada haqiqiy va ishonchli ma’lumot berish, iste’molchilarni chalg‘itadigan yoki tovar va xizmatlar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otadigan axborotlarni tarqatmaslik har bir reklama ishtirokchisining mas’uliyati ekanini ta’kidladi.
Qonunchilik talablarini bilmaslik yoki ularga e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lish javobgarlikdan ozod etmaydi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar monitoringini kuchaytirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ishlarni davom ettiradi.








