Toshkentda O’zbekiston-Rossiya media forumi boshlandi
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi media hamkorlik, raqamli transformatsiya va axborot xavfsizligi masalalari muhokama qilinmoqda.

Toshkent shahrida III O‘zbekiston – Rossiya mediaforumi o‘z ishini boshladi. Ikki kun davom etadigan anjumanda mamlakatlar o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, an’anaviy qadriyatlarni targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni hamda zamonaviy media makonidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) va Rossiyaning TASS axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan forumda davlat organlari, yetakchi OAV hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Bugungi yalpi majlis O‘zbekiston va Rossiyaning media, kommunikatsiya va axborot sohalaridagi strategik sherikligiga bag‘ishlanadi. Forum doirasida to‘rtta ishchi sessiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Birinchi sessiyada turizm, sport va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishda OAVning o‘rni muhokama qilinadi. Ikkinchi sessiyada esa raqamli transformatsiya sharoitida ikki mamlakat axborot makonini rivojlantirish istiqbollari, zamonaviy kontent yaratish va tarqatish texnologiyalari, jumladan, sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Uchinchi sessiya O‘zbekiston va Rossiyada axborot iste’moli madaniyatining o‘zgarishi, an’anaviy OAVning o‘rni hamda raqamli platformalarning rivojlanishiga bag‘ishlanadi. Yakuniy sessiyada esa an’anaviy qadriyatlarni asrab-avaylashda ommaviy axborot vositalari va mediaplatformalarning ahamiyati, auditoriya bilan ishlashning yangi texnologiyalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, hujjatli va badiiy filmlarni hamkorlikda ishlab chiqarish, turli mavzulardagi qo‘shma maxsus medialoyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.
Mediaforum doirasida kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash va bolalarni himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, internetda tarqalayotgan yolg‘on axborotlar hamda generativ sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentning haqqoniyligini tekshirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi. Forum davomida qator ikki tomonlama muzokaralar ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston – Rossiya mediaforumi uchinchi bor tashkil etilmoqda. Ilk forum 2018-yil 6-oktyabrda Toshkentda o‘tkazilgan. Unda ikki mamlakat media sohasi vakillari an’anaviy OAVning ijtimoiy tarmoqlar va muqobil media bilan raqobat sharoitida o‘z mavqeini saqlab qolishi kabi masalalarni muhokama qilgan.
Ikkinchi forum 2021-yil 18-noyabrda onlayn shaklda o‘tkazilgan. Unda media sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, axborot va telekontent almashinuvi, jurnalist kadrlar tayyorlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda yolg‘on axborotlarga qarshi kurashish masalalari ko‘rib chiqilgan.








