Ziyoratchilarni aldab pul olish: noqonuniy “Umra” safarini tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Samarqand va Gulistonda tegishli ruxsatnomasiz safarlarini tashkil etishga uringan shaxslarga chora ko‘rildi.

O‘zbekistonda litsenziyasiz “Umra” ziyoratini tashkil etishga urinish bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. Samarqand va Gulistonda fuqarolarni Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga pul olgan shaxslar ushlandi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Xususan, Samarqand shahrida ichki turizm sohasida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi tegishli litsenziya va ruxsatnomaga ega bo‘lmagan holda, uch nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga har bir fuqarodan 1 200 dollardan, jami 3 600 dollar talab qilgan.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 3 600 dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash holat Guliston shahrida ham aniqlangan. 1974-yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turfirmа orqali uch nafar fuqaroni diniy amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga noqonuniy yuborishni va’da qilgan. U jami 3 300 dollar va 1,2 million so‘mni olayotgan vaqtida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda IJQKD viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








