Noyabrda 30 darajagacha issiq: O‘zbekistonning uchta hududida harorat rekordlari yangilandi
Navoiyda havo 30 darajagacha, Buxoroda esa 30,6 darajagacha isidi.

8-noyabr kuni Navoiy va Buxoro shaharlarida kunlik harorat rekordlari yangilandi. Bundan avval, 6-noyabr kuni Toshkentda ham noyabr oyi uchun yangi harorat rekordi qayd etilgan.
O‘zgidromet xabar berishicha, 8-noyabr kuni Navoiyda havo harorati 30 darajagacha ko‘tarilgan. Bu 1992-yilda qayd etilgan 28,7 darajalik avvalgi rekorddan 1,3 darajaga yuqori.
Buxoroda esa maksimal harorat 30,6 darajani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 1992-yildagi 29,5 darajalik rekorddan 1,1 darajaga yuqori.
Shuningdek, 6-noyabr kuni Toshkentda havo harorati 26,9 darajagacha ko‘tarilgan. Bu 1981-yilda qayd etilgan 26,4 darajalik rekorddan 0,5 darajaga yuqori bo‘lgan.








